“O‘zekspomarkaz”da geologiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tarmoq sanoat yarmarkasi ochildi. Unda 380 dan ziyod korxona o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Joriy yilgi yarmarkada “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “O‘zbekenergo”, “O‘zbekko‘mir”, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatlari, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Toshkent rangli metall parchalari va rezgi-chiqitlarni tayyorlash va qayta ishlash zavodi, O‘zbekiston qattiq qotishmalar va o‘tga chidamli metallar kombinati hamda ular tarkibiga kiruvchi korxonalar, shuningdek, elektrotexnika, mebel, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda tadbirkorlik subyektlari ishtirok etmoqda.
Sanoat forumida “O‘zbekneftgazqazibchiqarish”, “O‘zgeoburg‘uneftgaz”, “O‘ztransgaz”, “O‘zneftmahsulot”, “O‘zneftgazmash”, “O‘zneftgazqurilishinvest” korxonalari faol ishtirok etmoqda. Ular tomonidan geologiya-qidiruv ishlari, uglevodorod xomashyosini qazib olish, qayta ishlash va transportirovka qilish, neft-gaz obyektlarini qurish, mashinasozlik mahsulotlarini ishlab chiqarishdan tortib ilmiy-tadqiqot va loyiha-qidiruv ishlari va tayyor mahsulotlarni ichki hamda tashqi bozorda sotishgacha bo‘lgan barcha turdagi neft-gaz amaliyotlari bajarilmoqda.
Yarmarkada “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar imkoniyatlari keng namoyish etilmoqda. Bu yerda “Farg‘onaazot”, “Navoiyazot”, “Ammofos-Maksam”, “Maksam-Chirchiq”, “Samarqandkimyo” aksiyadorlik jamiyatlari, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Qo‘qon superfosfat zavodi singari 15 ga yaqin ishlab chiqaruvchi tomonidan eksportga mo‘ljallab ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va kooperatsion aloqalarni yanada kengaytirish asosida o‘zlashtirish uchun istiqbolli bo‘lgan mahsulotlar bilan tanishish mumkin.
Tadbirda O‘zbekistonning yirik sanoat korxonalari tomonidan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, mahalliylashtirish loyihalarida ishtirok etish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)