4-iyun kuni Xorazm viloyati Mehnat bosh boshqarmasida o‘tkazilgan brifingda tashkilot rahbari Qurbonov Ro‘zimboy, tuman va shahar bandlikka ko‘maklashish markazlari rahbarlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
OAV vakillariga 2016-yilning o‘tgan yanvar—may oylarida boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida axborot bergan Qurbonov viloyatda aholi soni 1 749 700 kishini tashkil qilib, shundan mehnatga layoqatli yoshdagi aholi 979 ming, iqtisodiy faol aholi 753,5 ming nafarni tashkil qilishini, iqtisodiy faol aholidan 712,9 ming nafari ish bilan band deb hisoblanishini aytib o‘tdi.
Viloyatda ishsizlar soni 40 651 nafar, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 5,4 foizni tashkil qiladi. Har yili mehnat bozoriga 25 mingdan ziyod yoshlar kirib keladi. Shu sababli mehnat bozoridagi vaziyatni inobatga olib, ish o‘rinlari yaratish dasturi ishlab chiqildi. Maqsadli dasturlarga muvofiq tashkil etiladigan ish o‘rinlari 20 584 tani, jumladan, sanoatda 8 491 ta, xizmat ko‘rsatishda 5 051 ta, qishloq xo‘jaligida 2 100 ta, ishlamasdan turgan korxonalar faoliyatini tiklash hisobiga 1 324 tani tashkil qiladi.
Bundan tashqari, tijorat banklarining kichik korxonalar va mikrofirmalarni tashkil etish uchun ajratiladigan kredit mablag‘lari hisobiga 15 187 ta, yakka tartibda tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 7 mingta, dehqon va fermer xo‘jaliklari hisobiga 8 406 ta, uy mehnatini tashkil etish hisobiga 9 097 ta ish o‘rni yaratish belgilangan.
Dasturga asosan o‘tgan yanvar—may oylarida jami 22 mingta ish o‘rni yaratilib, dastur ko‘rsatkichi 101,1 foizga bajarildi. Markazlarga 2016-yil yanvar—may oylarida 6 145 nafar fuqaro ish so‘rab murojaat qilib, shundan 5 691 nafarining bandligi ta’minlangan. Ulardan, 927 nafari kvota ish o‘rinlariga, 123 nafari qayta kasbga o‘qishga yuborilgan, 393 nafari jamoat ishlariga jalb qilingan va 179 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.
Kasb-hunar kollejlarining 27 225 nafar bitiruvchisini ishga joylashtirish borasida, joylarda to‘rt tomonlama (Kollej-ish beruvchi korxona-bitiruvchi-shahar (tuman) hokimi) shartnoma tuzish ishlari olib borildi.
Ishsizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kasbga o‘rgatish, qayta tayyorlash va kasbini o‘zgartirish uchun 2015-yilda jami 80,1 million so‘m, jamoat ishlarini tashkil qilish uchun 43 million so‘m, ishsizlar uchun nafaqa to‘lashga 66 million so‘m mablag‘lar ajratildi.
Izoh (0)