Maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan avtobus Turkiya janubida sug‘orish kanaliga tushib ketdi, deb yozadi Hurriyet. Oqibatda 14 kishi halok bo‘ldi, yana 26 kishi jabrlandi.
Halokat 5-iyun, yakshanba kuni Usmoniya provinsiyasida yuz berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘quvchi bolalarni Usmoniya shahri tashqarisidagi Qoratepa qo‘rg‘oniga ekskursiyaga olib borib, Iskanderunga qaytayotgan avtobus haydovchisi boshqaruvni bajara olmay qolgan.
Avtobusdagilarni birinchi bo‘lib tasodifiy o‘tkinchilar qutqarishga kirishdi. Hodisa joyiga ko‘p sonli qutqaruvchilar va “tez yordam” mashinalari yuborildi.
Halok bo‘lganlar orasida olti nafar bola va sakkiz nafar katta odam bor, jabrlanganlardan biri kasalxonada vafot etdi, yana kamida uch kishi og‘ir ahvolda yotibdi. Voqea joyida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.