Toshkentda o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha XV Osiyo chempionatining beshinchi turi o‘yinlari yakunlandi. Taniqli o‘zbekistonlik grossmeyster Rustam Qosimjonov 4 ochko bilan peshqadamlar safiga qo‘shildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Qit’aning eng nufuzli Asian Continental Chess Championships 2016 turniri Toshkentdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasida o‘tkazilmoqda.
Ilk turda BAA vakili Omar Noamanga to‘qnash kelgan Qosimjonov musobaqani g‘alaba bilan boshlagani xabar qilingan edi. Shundan so‘ng u Eron vakili Alirizo Firouzya, hindistonlik Babu Lalita ustidan g‘alaba qozondi, Mo‘g‘uliston vakili Bayarsaixan Gundavaa va hindistonlik sportchi Surya Shekxar Ganguli bilan durang o‘ynadi.
Oltinchi turni Qosimjonov xitoylik Yang Venga qarshi o‘tkazadi.
Beshinchi tur yakunlariga ko‘ra Qosimjonovdan tashqari yana sakkiz shaxmatchi 4 ochkodan to‘pladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik yana bir shaxmat ustasi — Gulruhbegim Tohirjonova uch g‘alaba va ikki durang bilan 4 ochko to‘plab, ayollar o‘rtasida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Oltinchi turda u musobaqa yetakchisi, hindistonlik Kulkarni Bxakti bilan kuch sinashadi.
Izoh (0)