Yaponiyada yetti yoshli bolaning ota-onasi uni ataylab o‘rmonda qoldirib ketganligini tan oldi. Avvalroq ular o‘g‘lining o‘rmonda adashib qolganligi haqida ma’lum qilgan edi. Bu haqda, The Japan Times ma’lumotiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Bola haligacha topilmagan. U Xokkaydo orolidagi Nanae posyolkasi yaqinidagi o‘rmonda ikki kun avval yo‘qolib qolgan. Uni qidirishga 150 kishi jalb etilgan.
Uning ota-onasi dastlab yovvoyi o‘simliklarni terish uchun oilaviy yo‘lga chiqqanligi, o‘g‘li esa yo‘qolib qolganligini ma’lum qilgan edi.
Biroq keyinroq bolaning otasi politsiyaga o‘g‘li mashinalarga tosh otganligi uchun uni jazolash maqsadida tog‘da yolg‘iz qoldirib ketganligini tan oldi. Uning so‘zlariga qaraganda, ular rafiqasi bilan 500 metrcha uzoqlashgach, o‘g‘lini olib ketish uchun orqaga qaytgan. Biroq bola joyida bo‘lmagan.
Hozirgi paytda politsiya bolaning ota-onasiga nisbatan ish qo‘zg‘atish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Izoh (0)