O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istomin Shveysariyaning Jeneva shahrida davom etayotgan, mukofot jamg‘armasi 556 195 yevroni tashkil etuvchi Banque Eric Sturdza Geneva Open turniridagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
O‘zbekistonlik tennischi 17-may, seshanba kuni o‘tkazilgan ilk davrada saralash bahslari g‘oliblaridan biri germaniyalik Florian Mayerni 6:2, 6:3 hisobida mag‘lub etdi. Mayer o‘z vaqtida dunyoning kuchli tennischilar o‘nligiga kirgan edi. Ayni paytda Florian dunyo reytingida 236, Istomin esa 64-o‘rinni egallab turibdi.
Denis Istomin ikkinchi davrada David Ferrerga qarshi kortga chiqadi. Ispaniyalik tennischi turnirda ikkinchi raqam ostida tasniflangan va o‘z ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi davradan boshlaydi.
Ma’lumot uchun, Jeneva turniri g‘olibi 88 900 yevro mukofot puli hamda 250 reyting ochkosiga ega bo‘ladi. Finalchi 46 820 yevro hamda 150 ochkoni o‘z hisobiga yozib qo‘yadi. Birinchi davrada ishtirok etgan barcha tennischilar 5 045 yevro mukofot puliga ega bo‘ladi, lekin ularga ochko berilmaydi.
Izoh (0)