Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoning rafiqasi Sofi Greguar Tryudo birinchi xonim rolini samarali bajarishi uchun unga ko‘proq yordamchi va bo‘ysunadigan ishchilar kerakligini ma’lum qildi. Bu haqda, The Guardian nashri ma’lumotiga tayanib, “Interfaks” xabar beradi.
Kanada Vazirlar Mahkamasi rahbarining rafiqasi Le Soleil gazetasiga bergan intervyusidagi bayonoti mamlakatda ko‘plab tanqidiy munosabatlarni keltirib chiqardi.
“Men hamma narsaga ulgurishni xohlardim, biroq bunday qila olmayman. Chunki meni uch nafar farzandim va vazir-turmush o‘rtog‘im bor. Menga yordam kerak, odamlar uchun ishlashimga yordam beradigan jamoa kerak”, — dedi u.
Hukumat rahbari rafiqasining so‘zlariga qaraganda, unga turli xayriya uyushmalaridan hamkorlik yuzasidan takliflar kelib tushadi. Biroq uning vaqti yetishmasligi tufayli ularning barchasiga javob bera olmaydi.
Nashrning ta’kidlashicha, Sofining turmush o‘rtog‘i unga ikkinchi yordamchini yollashni rejalashtirmoqda.
Intervyu allaqachon vazir muxolifatchilari orasida noroziliklarni keltirib chiqardi. Ular Kanadaning avvalgi birinchi xonimiga bir nafar yordamchi yetarli bo‘lganligini eslatib o‘tdi.
Izoh (0)