Oliy Majlis Senati Kengashining 5-martdagi qaroriga muvofiq, Qashqadaryo viloyatida fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Unda viloyatdagi 660 fuqarolar yig‘ini raisi va ularning 6 mingdan ortiq maslahatchisi saylanadi. Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha viloyatdagi 49 fuqarolar yig‘inida saylovlar yuqori saviyada o‘tkazildi. Shu paytga qadar saylovchilar fuqarolar yig‘ini raislari va ularning 460 dan ortiq maslahatchilari uchun muqobillik asosida ovoz berdi.
Jumladan, Qarshi shahridagi Xontepa mahallasida o‘tkazilgan saylovda saylovchilar nomidan 52 vakil qatnashdi. Fuqarolar yig‘ini raisligiga nomzodlar o‘z dasturi bilan saylovchilarni tanishtirdi, obodonlashtirish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar haqida so‘z yuritdi. Ramiz Zohirov "Xontepa" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylandi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi maslahatchilari lavozimiga ko‘rsatilgan 18 nomzoddan 9 nafari ochiq ovoz berish yo‘li bilan maslahatchilikka saylandi.
Izoh (0)