Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) joriy yilning 1-mayidan boshlab 2016—2017-o‘quv yili uchun qabulni boshladi. Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilarini IUT’ga o‘qishga qabul qilish shartlari bilan kengroq tanishtirish maqsadida respublika hududlarida turli uchrashuvlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etib kelinmoqda. Bu haqda Toshkent shahridagi Inha universiteti matbuot xizmati xabar beradi.
Ushbu uchrashuvlarga qo‘shimcha sifatida joriy yilning 4-may kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti videokonferensiya o‘tkazdi. Bir vaqtning o‘zida ushbu tadbirda respublikaning 14 ta hududida joylashgan 33 ta videokonferensaloqa o‘rnatilgan maskanlarda abituriyentlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi. Videokonferensiyaning o‘tkazilishi IUT’ga qabul jarayoni haqidagi ma’lumotlarni keng ommaga yetkazib berish imkoniyatini yaratdi.
Mazkur videokonferensiyada ishtirok etgan yoshlar va ularning ota-onalari universitetning 2016—2017-o‘quv yili qabuli jarayonida topshiriladigan zarur hujjatlar, imtihon va talabalikka qabul qilish shartlariga oid batafsil ma’lumotlarni oldi va IUT Qabul komissiyasi vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qildi.
Ta’kidlash lozimki, 2016—2017-o‘quv yili uchun Toshkent shahridagi Inha Universitetiga kompyuter va dasturiy injiniring yo‘nalishi bo‘yicha 250 nafar va logistika yo‘nalishi bo‘yicha 70 nafar talaba qabul qilinadi.
IUT’ga hujjat topshirish jarayoni to‘liq onlayn shaklda olib boriladi.
IUT’da ta’lim olishni istagan abituriyentlar saytidagi onlayn shaklni to‘ldirishi kerak.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish davomida abituriyentlar o‘zlari haqida ma’lumotlar taqdim etishi kerak. Shu bilan birga, pasport, diplom IELTS yoki TOEFL iBT serftikatlar kabi hujjatlarning elektron nusxasini ham yuborishi lozim.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 2016-yil 14-iyul soat 17:00 ga qadar davom etadi.
Izoh (0)