Namangan viloyati Pop tumani Qamchiq dovoni hududida 4-may kuni soat taxminan 14:00 da ko‘chki sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.
Xabar berishlaricha, A-373 M-39 avtomagistralida sodir bo‘lgan ko‘chki ostida ikkita avtomashina qolib ketgan. Hodisa oqibatida qurbon bo‘lganlar va jarohat olganlar bor.
“Jabrlanganlarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Voqea joyida ko‘chki bilan bog‘liq hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tegishli xizmatlar ish olib borishmoqda”, — deyiladi vazirlik axborotida.
“Gazeta.uz”ning qo‘shimcha qilishicha, hodisa sabab, 4-may kuni dovon avtotransport vositalari o‘tishi uchun yopilgan.