O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ko‘p ovozli xalq cholg‘ulari ansambl va orkestrlarining “Navro‘z sadolari” xalqaro musiqa ko‘rik-festivali boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbir madaniyat va sport ishlari, xalq ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, bastakorlar uyushmasi, “So‘g‘diyona” xalq cholg‘ulari kamer orkestri hamda Shveytsariya hamkorlik byurosi tomonidan tashkil etildi. Unda madaniyat, musiqa va san’atga ixtisoslashgan litsey va kollejlardagi orkestrlar, ansambllar hamda professional jamoalar ishtirok etmoqda.
Festivalning ochilishida madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi bosh direktori F. Jo‘rayev, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S. Inomova va boshqalar chiqish qildi.
Festival doirasida musiqa cholg‘ulari ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tmoqda. Yoshlar folklori, raqs san’ati, xor jamoalarining ijrochilik mahorati, cholg‘u ansambllarining chiqishlari tomoshabinlarga manzur bo‘layotir.
Tadbir davomida xalq cholg‘ulari ijrosida o‘rta musiqiy ta’limning amaliy va uslubiy vazifalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda mahorat saboqlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Izoh (0)