Hindistonda Wildlife SOS tabiatni muhofaza qilish jamiyati faollari tomonidan Reya, Sita va Mia laqabli uch urg‘ochi fil tutqunlikdan qutqarib olindi. “TASS”ning bildirishicha, fillar 50 yil davomida ko‘chma sirkda saqlangan.
Tashkilot muassisi Gita Seshamanining so‘zlariga qaraganda, fillar sirkda muntazam ravishda kaltaklangan, shuningdek, to‘yib ovqatlanmagan. Ularga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmagan. Endilikda ular Uttar-Pradesh shtatidagi Matxura shahri yaqinida joylashgan yangi uyga ko‘chib o‘tdi.
O‘tgan yil noyabrida jonivorlar huquqlari himoyachilari Sita va Mianing ozod qilinishiga erishgan edi. Ammo ko‘chma sirk xo‘jayini Reyani topshirishdan qat’iyan bosh tortdi. Oxir-oqibat u ekologik tashkilot faollari bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi.
Ekologlarning fikricha, fillar hali kichkinaligida brakonyerlar tarafidan tutib olinib, sirkka sotib yuborilgan. Ularni turli maqomlarga o‘rgatish uchun kaltak va qamchidan foydalanilgan.
Izoh (0)