Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz tomonidan oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda o‘rta maxsus ta’lim o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha esselar tanlovi o‘tkaziladi. Bu haqda vazirning alohida buyrug‘i qabul qilindi, deyiladi “Daryo”ga taqdim etilgan xabarnomada.
Tanlov mustaqillik yillarida O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan yutuqlarni keng targ‘ib qilish, yoshlarda vatanparvarlik, milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlash, ularning eng yangi tarix bo‘yicha ilmiy-ijodiy izlanishlarini yanada rivojlantirish va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilganligi aytilmoqda.
Tanlov shartlari O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazning veb-sahifasida joylashtirildi. Esselar 10-oktabrga qadar Markazning elektron pochta manzilida (tmarkaz@umail.uz) qabul qilinadi.
Tanlovda birinchi o‘rinni egallagan qatnashchi birinchi darajali diplom va eng kam ish haqining 12 baravari miqdoridagi pul mukofoti, ikkinchi o‘rinni egallagan qatnashchi ikkinchi darajali diplom va eng kam ish haqining 10 baravari miqdoridagi pul mukofoti, uchinchi o‘rinni egallagan qatnashchi uchinchi darajali diplom va eng kam ish haqining 8 baravari miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Tanlov g‘oliblarini taqdirlash tadbiri 8-dekabrga qadar o‘tkaziladi.
Izoh (0)