YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusiga ko‘ra 7—30-aprel kunlari o‘tkazilayotgan Xalqaro jaz festivali doirasida va Xalqaro jaz kuni munosabati bilan Fransiya elchixonasi pianinochi Erve Sellenni konsert berish uchun O‘zbekistonga taklif etdi. Bu haqda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Fransiyalik sozanda 29-aprel kuni soat 18:30 da O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida Botir Zokirov nomidagi O‘zbekiston Davlat jaz orkestri bilan birgalikda konsert beradi.
1957-yili tavallud topgan Erve Sellen 1980-yili Parijdagi musiqa va raqs oliy konservatoriyasini pianino va kamer musiqa yo‘nalishida ikki oliy mukofot bilan muvaffaqiyatli ravishda tugallagan. 1984-yildan boshlab 15 yildan ortiq Jonni Griffin bilan birgalikda ijod qilgan Sellen keyinchalik Dizzi Gillespi, Chet Baker, Di Di Brijuoter kabi mashhur jaz musiqachilari bilan ham hamkorlik qilgan. 1989-yildan boshlab o‘z sekstetiga asos solgan san’atkor 1990-yilda pianinochi, bastakor va aranjirovkachi sifatida Fransiya Jaz akademiyasining Jango Reinhardt mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Erve Sellen Parij musiqa va raqs oliy konservatoriyasida jaz va improvisatsion musiqa bo‘limida dars beradi.
Toshkent safari davomida E. Sellen konservatoriya talabalariga hamda V. Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi o‘quvchilariga mahorat darslari beradi. Shuningdek, 30-aprel kuni O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida o‘zbekistonlik, turkiyalik va shveysariyalik san’atkorlar bilan birgalikda jaz festivalining yakuniy konsertida ishtirok etadi.
Izoh (0)