O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2016-yil 5-martdagi qaroriga ko‘ra, joriy yilning may-iyun oylarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari saylovi o‘tkaziladi, deb xabar beradi O‘zA.
Samarqand viloyatida 1245 fuqarolar yig‘ini raisi va ularning 9 mingdan ortiq maslahatchisini saylash ko‘zda tutilgan. Jumladan, Bulung‘ur tumanidagi 62 fuqarolar yig‘inida ham saylovlar o‘tkaziladi.
Xalq deputatlari tuman Kengashining 2016-yil 19-martdagi qaroriga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi va tadbirlar rejasi tasdiqlanib, ayni paytda tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in davom etmoqda.
“Komissiyaning dastlabki yig‘ilishida a’zolarning vazifalar taqsimoti ishlab chiqilib, ular hududlarga biriktirildi, – deydi tuman ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi Zamira Aliqulova. — Komissiyaning 11 kishidan iborat ishchi guruhi tashkil etildi. Komissiya va ishchi guruh a’zolari avvalo o‘zlari biriktirilgan mahallada aholi o‘rtasida saylov qonunchiligi yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib bordi. Saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilib, bu yumush tadbirlar rejasida belgilanganidek, 1-aprelga qadar yakuniga yetkazildi. Qonun talabi asosida ishchi guruh a’zoligiga fuqarolar yig‘inining, tegishli hududda joylashgan nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning vakillari, xalq deputatlari tuman Kengashining deputatlari kiritildi. Bugungi kunda ishchi guruhlar fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari lavozimiga nomzodlar ko‘rsatish, fuqarolar yig‘ini vakilligi normasini belgilash va ularning ro‘yxatini shakllantirish ishlarini olib bormoqda”.
“Qo‘ng‘irot” mahalla fuqarolar yig‘inida yetti kishidan iborat ishchi guruh tuzilgan. Bulung‘ur suv xo‘jaligi korxonasi xodimi, shu mahallada yashovchi Norqo‘zi Ochilov ishchi guruh raisi etib saylangan. Tumanning boshqa mahallalarida ham ushbu jarayon aholining faol ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)