2016-yilning 13–14-may kunlari “Istiqlol” san’at saroyida “Qor malikasi” nomli birinchi oilaviy myuziklning ijodkorlari tomonidan yaratilayotgan yangi “Mening Toshkentim” myuziklining premyerasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda loyiha tashkilotchisi Art Uz Promotion Agency MChJ “Daryo”ga xabar berdi.
Myuzikl syujetiga bir mahallaning hayoti, ushbu mahallada istiqomat qiluvchi odamlarning ichki kechinmalari, muhabbati, oilaviy munosabatlari va ular hayotining boshqa yorqin taraflari asos qilib olingan.
Sahnalashtiruvchi rejissor sifatida Hasan va Husan Solihovlar ishtirok etmoqda. Shu bilan birga Hasan Solihov boshlovchi rolini ham ijro etadi. Myuzikl musiqasi bastakor Adham Abduraimov tomonidan yaratilmoqda. “Aladdin” estrada studiyasining asoschisi va badiiy rahbari Rustam Hamroqulov esa ushbu loyihaning vokal bo‘yicha rahbari sifatida ishtirok etmoqda.
Bosh rollarni ijro etish uchun taniqli estrada xonandalari, kino va teatr aktyorlari taklif etilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fotima Rejametova, Muhammadiso Abdulxairov, Adiz Rajabov, Asal Shodiyeva, Shadisha va kasting asosida tanlab olingan iste’dodli yosh ijrochilar o‘z mahoratlarini namoyish etadi.
Namoyish bir vaqtning o‘zida o‘zbek va rus tillarida taqdim etiladi. Tadbirga chiptalarni “Istiqlol” san’at saroyi kassalaridan, hamda Uzcard va Click elektron to‘lov vositalaridan foydalangan holda sotib olish mumkin.
Tashkilotchilar “Mening Toshkentim” Toshkent shahrining “tashrif qog‘ozi” bo‘lib qolishiga va ko‘p yillarga muxlislar qalbida o‘rin egallashiga umid qilmoqda.
Izoh (0)