Namangan shahridagi “Do‘stlik” tennis kortlarida o‘smirlar o‘rtasidagi Namangan ITF Juniors tennis turniri o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirib bormoqda, deb xabar beradi “Olamsport”.
Kecha, 24-mart kuni musobaqaning chorak final uchrashuvlari o‘tkazilib, yarim finalga yo‘l olgan tennischilar nomi ma’lum bo‘ldi.
Musobaqada birinchi raqam ostida tasniflangan latviyalik Rudolf Mednis chorak finalda britaniyalik Jeyms Devisni 6:1, 6:4 hisobida taslim etdi. Uning yarim finaldagi raqibi britaniyalik Ben Draper esa turnirning uchinchi raketkasi Janubiy koreyalik Yong Syok Jeongdan 6:4, 3:6, 6:1 hisobida ustun keldi.
Shuningdek, chorak finalda estoniyalik Tamm Kristyanni 2:6, 7:6, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan rossiyalik Yegor Noskin hamda suriyalik Xazem Noani 6:3, 6:4 hisobida taslim qilgan britaniyalik Mettyu Sammers ham yarim finalga yo‘l oldi. Bu ikki tennischi bugun, 25-mart kuni o‘tkaziladigan yarim final uchrashuvida o‘zaro to‘qnash keladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur turnirda ishtirok etgan o‘zbekistonlik tennischilarning besh nafari dastlabki davrada o‘z ishtirokini yakunlagan edi. Musobaqaning ikkinchi davrasiga yo‘l olgan o‘zbekistonlik Sharobiddin Abzalov ushbu bosqichda suriyalik Xazem Noaga 6:7, 7:6, 4:6 hisobida yengildi.
Izoh (0)