Angliyada Premyer-ligadan so‘ng nufuzi jihatidan ikkinchi o‘rinda turadigan Chempionship turniri ishtirokchisi “Byornli” jamoasining himoyachisi Maykl Kin o‘yinlardan birida miyasi chayqalib, o‘ziga kelganida, u shifokorga hozir 1996-yil ekanini aytgan. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Joriy yilning 20-fevral kuni Chempionshipning 32-turida “Byornli” va “Roterxem” jamoalari o‘zaro bahs olib borgandi. O‘yin vaqtida Maykl Kin raqib futbolchisi bilan to‘qnashib ketdi. Dastlab u o‘yinni davom ettirdi, ammo to‘qnashuv oqibatida ko‘z oldi qorong‘ilashgan futbolchi 32-daqiqada zaxiraga olindi.
“Avvaliga meni kuchli bosh aylanishi bezovta qildi va men o‘tgan hafta haqida hech narsani eslay olmadim. Shifokor hozir nechanchi yil ekani haqida so‘raganida, men 1996-yil deb o‘yladim. Shifoxonada davolanib chiqdim va endi o‘zimni yaxshi his qilyapman”, — deydi 23 yoshli futbolchi.
Maykl Kin miyasi chayqalishi tufayli jamoasining ikkita o‘yinini o‘tkazib yubordi. 5-mart kuni esa u “Blekbern”ga qarshi o‘yinda maydonga qaytdi.
Qayd etish joiz, 2015-yilning noyabr oyida Angliya futbol uyushmasi miyasi chayqalganlikda gumon qilinayotgan futbolchini darhol zaxiraga olish haqida buyruq chiqargan.
Izoh (0)