Rossiyalik mashhur boks referisi Yuriy Kopsev o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev va avstraliyalik Lukas Braun o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang haqida fikr bildirar ekan, ushbu jangda Braun haqli ravishda g‘alaba qozonganini ta’kidladi, deb xabar beradi “Bigmir.net”.
“Jang to‘xtatilishi borasida savollar juda ko‘p. Agar jangni jonli ravishda yoki takroran kuzatgan bo‘lsangiz, Chagayev 8—9 zarbani o‘tkazib yuborganini payqaysiz. Agar jang to‘xtatilmaganida biz ikkinchi Abdusalamov guvohiga aylanar edik. Bunday hollarda yoki jangni to‘xtatish yoki nogironlar aravachasiga murojaat qilish kerak bo‘lib qoladi. Mening shaxsiy fikrim – referi jangni to‘xtatib to‘g‘ri qaror qabul qilgan. Bo‘lajak chempionlarga maslahatim: taktika va himoya ustida ko‘proq ishlash kerak”, — deb ijtimoiy tarmoqlarda yozadi Yuriy Kopsev.
Eslatib o‘tamiz, 6-martga o‘tar kechasi superog‘ir vazn toifasida Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA)ning muntazam chempioni hisoblangan Ruslan Chagayev Lukas Braunga qarshi kechgan 12 raundlik jangning 10-raundida texnik nokautga uchrab, chempionlik kamarini boy berdi.
Izoh: 2013-yilning 2-noyabrida Mayk Peres bilan jangdan so‘ng rossiyalik bokschi Magomed Abdusalamov 3 haftaga koma holatiga tushib qolgan. Hozirgi kunga kelib uning tanasining o‘ng tomoni falaj bo‘lib qolgan.
Izoh (0)