Karst — toshtuz, ohaktosh, gips singari eruvchan jinslardan tuzilgan yerlarning notekis ko‘rinishi va xossalaridir. Karst o‘ralar esa eng g‘aroyib relef ko‘rinishlaridan biridir. TravelAsk’ning yozishicha, ular karst tog‘ jinslaridagi tuproqning yerosti suvlari ta’siridagi harakati sabab yuzaga keladi.
Suv ta’sirida erigan qatlam cho‘kishni boshlaydi va oqibatda o‘ra yuzaga keladi. Bunday o‘ralarning chuqurligi atigi bir metrdan boshlanib, 100 metrdan ham oshib ketishi mumkin.Qizil ko‘l, Xorvatiya
Mazkur o‘raning chuqurligi 530 metrni tashkil etadi. U yerosti g‘orining qubbasi qulashi natijasida hosil bo‘lgan. Hozirda u sig‘imi 25—30 million kubometrlik go‘zal ko‘lga aylangan.
Bimma, Ummon
Uncha katta bo‘lmagan mazkur quduqning chuqurligi 30 metrga teng. U sof shaffof suv bilan to‘lgan, ostida esa to‘g‘ri dengizga olib chiqadigan 500 metrlik tunnel bor, shu sababli ham bu yerda chuchuk va dengiz suvi aralashadi.
Darvoza, Turkmaniston
Mazkur o‘raning boshqa bir nomi ham bor — “Jahannam darvozasi”. Uning diametri taxminan 60 metr, chuqurligi esa 30 metrga yaqin. Bu yerda yer ostidan tabiiy gaz otilib chiqadi, uni 1971 yili sovet geologlari bir necha kun yonib, so‘ng o‘chib qoladi, degan umid bilan yoqib yuborgan. Biroq bu yerda hali ham gaz yonyapti.
Sima Gumboldt, Venesuela
Venesueladagi o‘raning chuqurligi 320 metrga yetadi. Uning devorlari amalda vertikal bo‘lgani sabab, karst tuzilma ichida o‘ziga xos ekotizim yuzaga kelgan. Bu yerda yashaydigan jonivorlar va o‘sadigan o‘simliklarni boshqa hech qayerda uchratmaysiz.
Syaochjay Tyanken, Xitoy
Sayyohlar orasida haddan tashqari mashhur bo‘lgan Syaochjay Tyankenni “Osmon teshigi” deb ham atashadi. Bu Yer sayyorasidagi eng chuqur karst o‘ra — uning chuqurligi 660 metrni, eni esa 530 metrni tashkil etadi. Yomg‘irlar mavsumi boshlanishi bilan bu joy yanada maftunkor ko‘rinish oladi.
O‘ra ko‘lamini yanada aniqroq his qilish uchun uni, masalan, Boeing 747 layneri bilan taqqoslab ko‘rish mumkin.
Katta moviy tuynuk
Ideal darajadagi aylana ko‘rinishidagi mazkur karst o‘ra Jak-Iv Kusto tomonidan kashf etilgan va suvostida suzish uchun tavsiya etilgan eng yaxshi 10 makondan biri hisoblanadi.
Izoh (0)