2015-yilda Toshkent shahrida birinchi bor oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘tkazilgan ayollar turniri muvaffaqiyatli o‘tgach, O‘zbekistonda ayollar futbolini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Germaniya elchixonasi O‘zbekiston futbol federatsiyasi va ayollar futbol uyushmasi bilan hamkorlikni davom ettirmoqda. Bu haqda Germaniya Federativ Respublikasining Toshkent shahridagi elchixonasining Madaniyat va matbuot bo‘limi “Daryo” nashriga ma’lum qilgan.
Shu munosabat bilan 2015-yilning 5-dekabridan 2016-yilning 4-martiga qadar O‘zbekistonda Germaniya bilan hamkorlikda ayollar futboli bo‘yicha o‘zbekistonlik murabbiylar malakasini oshirish loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida O‘zbekiston ayollar futbol uyushmasi bilan hamkorlikda Germaniya TIV va Germaniya olimpiya sport ittifoqi (DOSB) tomonidan seminar va treninglar tashkil etildi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun germaniyalik murabbiy, ayollar futboli bo‘yicha Pro litsenziyasi sohibi va FIFA loyihalarini rivojlantish bo‘yicha sobiq maslahatchi Monika Shtaab xonim O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
2015-yilning 9–23-dekabr kunlari Qarshi shahrida ayollar futboli bo‘yicha murabbiylar uchun, 2016-yilning yanvar oyida esa Olmaliq shahrida darvozabonlar uchun 4 kunlik seminarlar o‘tkazildi. Shundan so‘ng Toshkent shahrida ayollar futboli bo‘yicha murabbiylar malakasini oshirish uchun 10 kunlik seminarlar bo‘lib o‘tdi.
Germaniya olimpiya sport ittifoqi Shtaab xonimga seminar va treninglarda foydalanish uchun bir qator sport anjomlarini taqdim etdi. Loyiha yakunida ular O‘zbekiston ayollar futboli uyushmasiga topshirildi.
Shtaab xonim, shuningdek, loyiha doirasida O‘zbekiston ayollar qo‘mitasi, bolalar sportini rivojlantirish fondi, Xalq ta’limi vazirligida bolalar sportini rivojlantirish boshqarmasi va O‘zbekiston futbol federatsiyasida sermahsul uchrashuvlar o‘tkazdi.
Izoh (0)