Kolumbiya poytaxti Bogotadagi La Modelo qamoqxonasi ostidan o‘tgan kanalizatsiyada kamida 100 kishining nimtalangan tanalari topildi. CNN telekanaliga asoslanib “Korrespondent.net” nashrining yozishicha, mamlakatning huquq-tartibot organlari voqea yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlab yuborgan.
Favqulodda muhim ishlar bo‘yicha prokuror Katerina Xey Puyananing so‘zlariga qaraganda, halok bo‘lganlar orasida nafaqat mahbuslar, balki ularni ko‘rgani kelganlar va qamoqqa hech qanday aloqasi bo‘lmagan odamlar ham bor.
La Modelo qamoqxonasi mamlakatda joylashgan bu turdagi eng mudhish muassasalardan biri sifatida mashhur. Uning shimoliy qanotida so‘l radikal ekstremistlar, janubiy qismida esa o‘ng radikallar saqlanadi. Ikki sektor o‘rtasidagi hududda tez-tez qotilliklar sodir etiladi, qamoqxona xodimlari bunga monelik qila olmaydi, negaki mahbuslarda o‘qotar qurol va granatalarga ega, nazoratchilardan esa faqat minoralarda turuvchi qo‘riqchilarda qurol bor. Qotillik va nizolarning aksariyati ikki guruh vakillarining siyosiy qarashlaridagi ziddiyatlar tufayli yuz beradi.
1999–2001-yillarda mamlakatning boshqa qamoqxonalaridan ham necha bor inson tanasi parchalari topilgan edi.
Izoh (0)