Tailandning Kampxengpxet provinsiyasida ikki qavatli yo‘lovchi avtobusining ro‘paradan kelgan yuk avtomashinasi bilan to‘qnashib ketishi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, 20 kishi tan jarohati oldi. Bu haqda Thai PBS telekanali bergan ma’lumotlarga asosan “RIA Novosti” xabar qilmoqda.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikkala haydovchi va uch nafar avtobus yo‘lovchisi, shu jumladan, ikki nafar Myanma fuqarosi halok bo‘ldi. Myanma chegarasi yaqinida joylashgan Me Sot shahriga yo‘l olgan avtobusda jami 45 nafar odam bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, avtobus oldidagi avtomobilni quvib o‘tish uchun qarama-qarshi yo‘lga chiqqanda, ro‘paradan kelayotgan va 20 tonna shakar ortilgan yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. To‘qnashuvdan keyin avtobus yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilgan.
Barcha zarar ko‘rganlar shifoxonaga yuborilganligi ta’kidlanmoqda.
Izoh (0)