Rasm chizish qiziqishlaridan biri bo‘lgan Buyuk Britaniya taxti vorisi, shahzoda Charlz qirollikdagi eng ko‘p haq to‘lanadigan va asarlari muvaffaqiyat bilan sotiladigan musavvirlar qatoriga kirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Shahzodaning Londondagi qarorgohi — Klarens-xaus devonxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1997-yildan beri Charlz chizgan kartinalar litografiyasi sotuvi 2 million funt sterling (2,86 million dollar) daromad keltirgan. Gap Glostershir grafligidagi Xaygrouv qarorgohi hududida joylashgan do‘kon orqali sotiladigan akvarel nusxalari sotuvi haqida ketmoqda.
Sunday Telegraph ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu summadan tashqari, shahzoda o‘z kartinalarini sotish orqali 4 million funt sterling (5,72 million dollar) ishlab olgan. Nashr hisob-kitoblariga qaraganda, tasviriy san’at sohasidagi biznes Charlzga har yili o‘rtacha 200 ming funt sterling (286 ming dollar) keltiradi.
Ma’lumot uchun, ingliz rassomining o‘rtacha yillik daromadi 10 ming funtni (14,3 ming dollar) tashkil etadi.
Izoh (0)