Yevropadagi ilk budda monastiriga asos solgan Britaniya fuqarosi Akong Tulku Rinpocheni o‘ldirgan ikki nafar kishi sodir etgan jinoyati uchun XXR hukumati tomonidan o‘limga hukm qilindi. Bu haqda China News Service bergan ma’lumotlarga asosan “RIA Novosti” xabar qilmoqda.
2013-yil oktabr oyida XXR politsiyasiga Akong Tulku o‘zining Sichuan provinsiyasidagi Chendu shahridagi uyida pichoqlab o‘ldirilganligi haqida xabar kelib tushgan. Jinoyatchilar rohibdan tashqari uning jiyani va haydovchisini ham o‘ldirib ketgan. Pulga garov o‘ynash jinoyatga sabab bo‘lganligi taxmin qilinib, qidiruv ishlari davomida uch nafar gumonlanivchi qo‘lga olingan edi.
Chendu shahar sudi ikki nafar jinoyatchi ― Tuden Gusan va Szijen Banszyueni rohib, uning jiyani va haydovchisini o‘ldirganlikda aybdor deb topdi. Ularning sherigi esa, uch yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Ta’kidlanishicha, jinoyatchilar 400 ming dollarga garov o‘ynab, qotillikka qo‘l urgan.
1959-yilda Tibetda yuz bergan qo‘zg‘olon bostirilgandan keyin Akong Tulku Rinpoche Hindistonga qochib, u yerdan Britaniyaga o‘tib ketgan edi. Keyinchalik, rohib Shotlandiyada Kagyu Samye Ling monastiriga 1967-yilda asos solib, Yevropada buddizmning rivojlanishiga sababchi bo‘lgan.
Izoh (0)