O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) 1992-yil 21-yanvar kuni tashkil topgan va o‘tgan davr mobaynida mamlakatda sport va Olimpiya harakatini rivojlantirish ishida faol bo‘lib kelmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar beradi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi 1993-yil sentabr oyida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tomonidan rasman tan olingach, o‘zbekistonlik sportchilar mustaqil O‘zbekiston nomidan to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi — qishki va yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi 24 yildirki O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish orqali jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, Olimpiya harakati va olimpizm g‘oyalarini keng targ‘ib etish yo‘lida faol ish olib bormoqda. Har yili sportchi va murabbiylar bilim va tajribasini yanada yuksaltirish maqsadida MOQ tashabbusi bilan xalqaro seminarlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, mintaqaviy forumlar tashkil etilmoqda. Bu ham, o‘z navbatida, xalqaro sport maydonlarida qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar salmog‘ini yil sayin yuksalishida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekistonlik sportchilar uchun davlat tomonidan qaratilayotgan alohida e’tibor va yaratilgan shart-sharoitlar sport olamining eng yirik musobaqasida qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarga ham zamin yaratmoqda. Istiqlol yillarida besh marta (1996-yil Atlanta (AQSh), 2000-yil Sidney (Avstraliya), 2004-yil Afina (Gretsiya), 2008-yil Pekin (Xitoy) va 2012-yil London (Buyuk Britaniya) shaharlarida bo‘lib o‘tgan) yozgi va olti marotaba (1994-yil Lillixammer (Norvegiya), 1998-yil Nagano (Yaponiya), 2002-yil Solt-Leyk-Siti (AQSh), 2006-yil Turin (Italiya), 2010-yil Vankuver (Kanada), 2014-yili Sochi (Rossiya) shaharlarida o‘tkazilgan) qishki Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchilar jami 6 ta oltin, 5 ta kumush va 10 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Izoh (0)