2015-yilda Yevropadagi avtomobil savdosi 9 foizga oshib, 14,2 million donani tashkil qilsa-da, Volkswagen avtokonserni 2007-yildan buyon ilk marotaba o‘zining bozordagi ulushini yo‘qotdi. Bu haqda Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi (ACEA) bergan ma’lumotlarga asosan “Vedomosti” xabar qilmoqda.
ACEA Yevropa Ittifoqining 27 ta davlati hamda Shveysariya, Norvegiya va Islandiya bozoridagi savdolarni hisobga oladi.
Ma’lum qilinishicha, Yevropada dekabr oyida 1,156 millionta avtomashina sotilib (ya’ni yillik ko‘rsatkich bo‘yicha 15,9 foizga oshib), bevosita Yevropa Ittifoqidagi savdolar 1,11 milliontani (+ 16,6 foiz) tashkil qildi.
2015-yilda Yevropa Ittifoqidagi beshta eng yirik bozorning barchasida, shu jumladan, Ispaniyada (20,9%), Italiyada (15,8%), Fransiyada (6,8%), Britaniyada (6,3%) va Germaniyada (5,6%) avtomobil savdosining o‘sishi qayd etildi.
Germaniya Yevropaning eng yirik avtomashina bozori sifatida (3,21 millionta sotilgan avtomashina) o‘z maqomini saqlab qolgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Britaniya (2,63 million) egalladi va Fransiyaga (1,91 million) uchinchi o‘rin nasib qildi.
Ta’kidlanishicha, Yevropa avtomobil bozorining yetakchisi bo‘lib kelgan Germaniyaning Volkswagen konsernining savdosi 2015-yilning dekabr oyida 4,4 foizga, yil boshidan buyon esa 6,2 foizga o‘sgan. Binobarin, dizel dvigatellari bilan bog‘liq mojaro muhitida, kompaniyaning bozordagi ulushi 2015-yilda 0,7 darajaga qisqarib, 24,8 foizni tashkil etdi. Misol uchun, uning asosiy raqibi hisoblangan Fransiyaning Peugeot Citroen kompaniyasi esa o‘zining savdosini o‘tgan oyda 20,7 foizga, yil davomida esa 6 foizga oshira oldi.
Izoh (0)