“Formula-1” sinfidagi avtopoyga musobaqalari bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etgan birinchi ayol, italiyalik Mariya Tereza de Filippis 89 yoshida vafot etdi. Bu haqda Motorsport portali bergan ma’lumotlarga asosan “TASS” xabar qilmoqda.
De Filippisning “Formula-1”dagi ilk chiqishi jahon chempionati hisobiga kirmagan 1958-yilda Italiyada o‘tkazilgan Sirakuz Gran-prisida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda italiyalik poygachi beshinchi o‘rinni egallagan. Bir oydan keyin de Filippis Monakoning Katta sovrini poygalariga Maserati rusumli avtomashinasi bilan ishtirok etish istagini bildirdi. Lekin u dastlabki saralashdan o‘ta olmadi va poygaga qo‘yilmadi. Poygachi shu yilning o‘zidayoq Belgiyada bo‘lib o‘tgan Gran-pri musobaqalarida ishtirok eta oldi, lekin g‘olibdan ikki davraga ortda qolib, so‘nggi o‘rinni egalladi.
1959-yilda ayol Monako poygalarida yana bir bor ishtirok etishga harakat qilgan bo‘lsa-da, poygada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan 16 nafar saralangan poygachilar qatoriga kira olmadi.
Ma’lum qilinishicha, fransuz Jan Berning 1959-yil 1-avgustdagi halokatidan keyin de Filippis, 23 yoshda sportdagi faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan. 1979-yilda italiyalik poygachi “Formula-1” faxriy poygachilar xalqaro klubining prezidenti o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
Izoh (0)