UzReport TV 11-yanvar, dushanba kuni kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda yilning eng yaxshi futbolchisiga “Oltin to‘p” mukofotini topshirish marosimini olib ko‘rsatadi. Bu haqda UzReport xabar bermoqda.
Tantanali taqdirlash marosimi Syurixda bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan 22:30 da boshlanadi. Telekanal esa translyatsiyani 21.00 da — tadbir avvali, dunyo futboli yulduzlari qizil gilamdan yurib kelishidan boshlaydi.
“Oltin to‘p” FIFA va France Football nashrining birgalikdagi mukofoti bo‘lib, 2010-yildan, France Football “Oltin to‘p”i va FIFAning “Yil o‘yinchisi” mukofotlari birlashgandan beri shunday shaklda taqdim etib kelinmoqda. Yilning eng yaxshi futbolchisini aniqlashda bosh murabbiylar, terma jamoalar sardorlari va jurnalistlar ishtirok etadi.