Gaagadagi xalqaro jinoiy sud Ukraina murojaatiga ko‘ra, Rossiya tomonidan Qrimning anneksiya qilinishi (qo‘shib olinishi) bo‘yicha jinoiy ish ocholmaydi. Tajovuz ko‘rinishlari, jumladan, anneksiya to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish haqidagi norma 2017-yildan kuchga kiradi. Bu haqda sudning rasmiy vakili Fadi al-Abdulla ma’lum qildi, deya xabar beradi “Liga”.
“Ukraina ushbu norma kuchga kirgandan so‘ng sudga murojaat etishi mumkinmi?” degan savolga javoban al-Abdulla “Tajovuz bilan bog‘liq tuzatish kuchga kirishidan avval sodir bo‘lgan hodisalar sud tomonidan ko‘rib chiqilmaydi”, deya javob bergan va ayni paytda Gaagadagi sud insoniyatga qarshi jinoyatlar, urush davrida sodir etilgan jinoyatlar va genotsid bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega ekanligini eslatib o‘tdi.