Fransiya janubi-g‘arbida joylashgan Aros shahridagi 1,5 ming o‘rdak boqilayotgan fermada H5N9 shtammi virusi (parranda grippi) qayd etildi. Mamlakat qishloq xo‘jalik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu Fransiya janubi-g‘arbidagi besh viloyatda xastalikning o‘n uchinchi bor tarqalishi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Rasmiylar virus insonga parranda go‘shti, tuxum, fua-gra va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqmasligini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, xastalik ilk bor qayd etilgan noyabr oxiridan beri Osiyo va Shimoliy Afrikadagi sakkiz davlat fransuz parrandalari va parrandachilik mahsulotlari keltirilishini taqiqlab qo‘ydi. Ular orasida Fransiya fua-gra eksport qiladigan mamlakatlar orasida birinchi o‘rinda turadigan Yaponiya ham bor.