Qozog‘istonning sobiq bosh vaziri Axmetov sudda Nazarboyevdan kechirim so‘radi
9-dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarag‘andi viloyatining maxsuslashtirilgan tumanlararo sudida Qozog‘istonning sobiq bosh vaziri Serik Axmetov so‘nggi so‘z o‘rnida davlat rahbaridan ishonchini oqlamaganligi uchun kechirim so‘radi. Bu haqda “Nur.kz” xabar beradi.
“O‘z ustozim va rahbarim Nursulton Abishevich Nazarboyevdan uning ishonchini oqlamaganligim va tashvishga qo‘yganligim uchun chin ko‘nglimdan uzr so‘rayman. Agar sud va davlat rahbari tizimga qaytishimga ruxsat bersa, davlat manfaati uchun mehnat qilishda davom etaman”, — dedi Serik Axmetov.
Serik Axmetov bir qator korrupsiyaviy jinoyatlar, jumladan, katta miqdordagi budjet mablag‘larini o‘marishda ayblanmoqda. Prokuror suddan Serik Axmetovni 12 yilga ozodlikdan mahrum etish, jazoni umumiy rejimli axloq tuzatish koloniyasida o‘tashi va mol-mulkini musodara etishni so‘radi.
Axmetovdan tashqari davlat va tijorat tuzilmalarining 20 nafar sobiq rahbari ham sudlanmoqda.