Muddatini o‘tab bo‘lgan buyumlar ertami-kechmi axlatga tashlanadi. Qayta ishlash jarayonida ularning ba’zilariga yangi hayot “beriladi”, biroq aksariyat hollarda axlatxonadagi buyumlar shunchaki chiriydi va zanglaydi, deb yozadi National Geographic.
Quyidagi fotojamlanmada jahonning eng g‘alati, noodatiy axlatxonalarini (ba’zi o‘rinlarda unga bunday ta’rifni ishlatib bo‘lmaganidan, qabriston ham deyiladi) tomosha qilish mumkin.
Aviatexnika qabristoni
Eskirgan harbiy-havo texnikasini qayerga yo‘qotish kerak? AQSh bu masalani oson hal qilgan — samolyotlar shunchaki cho‘lga joylashtiriladi. Aniqrog‘i, Arizona shtatida joylashgan Tuson shahridagi Devis-Monten aviabazasiga.Xizmat muddati yakuniga yetgan “nafaqa”dagi harbiy samolyotlar uchun bu joy tasodifan tanlangan emas. Birinchidan, quruq iqlim metall korroziyasiga yo‘l bermaydi. Ikkinchidan, tuproqning qattiq ekanligi samolyotlarni asfaltlanmagan maydonlarga joylashtirish imkonini beradi (bunda, albatta, pul tejaladi).
6500 gektar maydonda 4400 ga yaqin samolyot, vertolyot va fazoviy qurilmalar o‘rin olgan. So‘nggi 25 yil davomida ularning taxminan beshdan biri foydalanish uchun qaytarib olinib, yana havoga ko‘tarilgani aytiladi. Bu yerda saqlanayotgan aviatexnikaning umumiy bahosi 37 milliard dollardan ortiq.
Parovozlar “qabristoni”
Boliviyaning tabiiy osori-atiqalaridan biri — qurib qolgan Uyuni ko‘li yaqinida mashhurlik borasida undan kam bo‘lmagan Cementerio de Trenes deb nomlangan makon joylashgan. Parovozlarning ushbu “qabristoni” bir vaqtlar Uyuni yaqinidan o‘tgan temiryo‘l magistralining shonli davrlarini yodga soladi.Temiryo‘l qurilishi 1888-yili boshlangan bo‘lib, u And tog‘lari va Tinch okeani portlari o‘rtasidagi muhim koridor vazifasini bajargan. Biroq 1940-yillardan boshlab temiryo‘lning ahamiyati pasaydi.
Vaqt o‘tishi bilan eski lokomotivlar shaharda yig‘ila boshladi va oxir-oqibat parovozlar “qabristoni” yuzaga keldi. Bu parovozlar quyosh tig‘i va yomg‘ir tomchilari ostida bugungi kunga qadar asta-sekinlik bilan yemirilishda davom etmoqda.
Shinalar axlatxonasi
Yevropaning aksariyat mamlakatlarida foydalanish muddati tugagan shinalarni axlatga tashlash taqiqlanadi. Yevropa Ittifoqi eski shinalarni qayta ishlashga jo‘natadi (har yili 480 ming tonna foydalanilgan shinalarga yangi hayot “bag‘ishlanadi”).Biroq barcha davlatlar ham bu yo‘ldan yurayotgani yo‘q. Masalan, Kuvaytda eski shinalar Sulaybiya shahri yaqinida saqlanadi. Bu axlatxonaga hatto qo‘shni mamlakatlardan ham avtomobil shinalarini olib kelinadi. Bugun bu yerda 7 milliondan ortiq shina bor.
Texnochiqindilar axlatxonasi
Bugun biror texnikani ta’mirlatishdan ko‘ra, yangisini sotib olish arzonroqqa tushadi. Shu sababli har yili jahon bo‘yicha 50 million tonna elektrotexnika chiqindisi yuzaga keladi. Bunday chiqindini qayta ishlash qimmatga tushadi, shu sababli bir qator davlatlar “texnochiqindi”ni rivojlanayotgan mamlakatlarga jo‘natadi.BMT ma’lumotlariga ko‘ra, jahondagi jami “texnochiqindi”ning 70 foizi Xitoyning Guandun viloyatidagi Guyyu shahridagi chiqindixonaga borib tushadi. Bu yerdagi odamlar turli texnikalarda foydalanilgan qimmatbaho metallarni izlab topish bilan kun ko‘radi.
Metallni ajratib olish uchun elektroqurilmalarning plastik korpuslari eritiladi. Har yili bu yerda yuzga yaqin zaharli gulxanlar yoqiladi, shu sababli chiqindixonada ishlayotgan odamlar o‘pka kasalliklaridan aziyat chekadi. Bundan tashqari, rangli metallarni tozalab olishda ishlatilgan kislotalar Lianjan daryosiga tushadi.
5. Kemalar “qabristoni”
Ras-Nuadibu yarimorolida Mavritaniyaning kattaligi bo‘yicha ikkinchi shahri — Nuadibu joylashgan. Baliqchilik biznesi ortidan bu yerda 1960-yillarda katta port qurilgan, biroq 20 yildan so‘ng bu biznes “o‘lgan” — davlat bor e’tiborini temir rudasi qazib olishga qaratgan.Oqibatda portdagi kemalar o‘z holiga tashlab qo‘yildi. So‘nggi 30 yil davomida bu yerda Afrika va Yevropadan ham keraksiz kemalar oqib keldi. Bugun bu yerda 300 dan ortiq kema zanglab yotibdi.
6. Telefon budkalari uyumi
Nottingemshir grafligidagi Nyuark shahriga butun Buyuk Britaniyadan eskirgan va ishdan chiqqan taksofonlar olib kelinadi. Telekommunikatsiya sohasiga ixtisoslashgan X2 Connect kompaniyasi omborxonalarida 150 dan ortiq eski telefon budkalari bor. Ular orasida 85 yil avvalgi taksofon namunalarni ham topish mumkin.Agar budkani ta’mirlash mumkin bo‘lsa, u restavratsiya qilinadi va qayta sotiladi. Xabarlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning “bir bo‘lagi”ni sotib olishga ishtiyoqmandlar juda ko‘p, navbatda 500 ga yaqin kishi turibdi. Kimdir bu budka o‘z bog‘ida turishini, boshqa birov esa o‘z qahvaxonasiga joylashtirishni xohlaydi, bunday taksofonlarni dushxonaga aylantirganlar ham talaygina.
Qayd etish joiz, bu nisbatan qimmat ko‘ngilxushlik sanaladi. Masalan, ta’mirlangan qizil rangli K6 telefon budkasining narxi 2250 funt-sterlingdan boshlanadi. Bu Buyuk Britaniyaning ajralmas ramzlaridan biriga aylangan eng ommalashgan taksofon modelidir.
Izoh (0)