AQShning Savanna shahrida (Jorjiya shtati) 7-noyabr, shanba kuni bir necha ming yuguruvchi “Rok-n-roll marafoni”da ishtirok etdi. Noqulay ob-havo sharoiti – jazirama va yuqori namlik marafonda yugurishni qiyinlashtirdi, deb xabar beradi BuzzFeed.
Marafon qatnashchilarining sog‘lig‘idan tashvishlangan tibbiyot xodimlari tekin suv tarqatishni tashkil etdi. Shunga qaramasdan, yuguruvchilardan birining ahvoli yomonlashdi. Marraga 100 metrcha qolganda, uning burni qonab, yiqilib tushdi. Navbatchi shifokorlar unga yugurishni to‘xtatishni tavsiya qildi. Politsiya xodimlaridan birining so‘zlab berishicha, bundan yuguruvchi qattiq xafa bo‘lgan. Shunda politsiyachi uning qo‘ltig‘idan tutib, marafonni yakunlashga yordam bergan.
“Men uning qo‘lidan tutdim, uning ko‘zidan yosh oqardi. Birgalikda finishga yetdik. Bundan uning naqadar baxtiyor bo‘lganligini his qildim”, — deydi politsiyachi.
Izoh (0)