Jahon chempionati — 2018 ikkinchi saralash bosqichi, 5-tur o‘yinlari doirasidagi Bahrayn — O‘zbekiston uchrashuvidan keyin jamoalar bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda dastlab O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Avvalambor, yurtimizdagi barcha futbol muxlislarni muhim g‘alaba bilan tabriklayman! Biz yigitlar bilan ushbu g‘alabani jamoani chin dildan qo‘llab-quvvatlab turgan haqiqiy muxlislarga bag‘ishlaymiz. O‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsam, birinchi bo‘limda o‘z vaziyatlarimizdan foydalana olmagandik. Ammo ikkinchi bo‘limda buni to‘g‘rilashga erishdik. Bugun biz o‘zimizni tartibli jamoa sifatida namoyish eta oldik. Jamoa o‘yindan-o‘yinga yaxshilanib boryapti. Menimcha, jamoaning o‘sishi yaqqol sezilib turibdi”, — dedi O‘zbekiston milliy termasi bosh murabbiyi.
Samvel Babayan, shuningdek, o‘yinda avval ishlab chiqilgan reja bo‘yicha harakatlanilgani va ikkinchi bo‘limda mavjud taktika o‘zgartirilmagani haqida ham gapirib o‘tgan.
“Bugun bizning g‘alabamizni ta’minlagan narsa — Bahraynning kuchsizligimas, birinchi navbatda, bizning tartibli o‘yin namoyish qilganimiz bo‘ldi. Biz raqibning eng kuchli quroli bo‘lmish — hujumdagi o‘yinini zararsizlantira oldik. O‘z darvozamiz daxlsizligini saqlab qolishni uddaladik. Hujum chizig‘imizda ham kuchli klublarda o‘ynaydigan mahoratli futbolchilar yig‘ilgan. Shuningdek, tobora futbolchilarning o‘zaro bir-birini tushunib harakat qilishi ham yo‘lga qo‘yilib borilyapti. Shuning uchun ham raqiblar darvozasini ishg‘ol qilish masalasida ishlarimiz yaxshi ketyapti, deb o‘ylayman. Tanaffusdan keyin aynan nimani o‘zgartirganimiz hisobiga o‘yinimiz yaxshiroq chiqqani haqida esa gapirmayman. Bahrayn bilan yana bir o‘yinimiz bor va shu sababdan sirlarni ochish niyatim yo‘q”, — deb alohida ta’kidlagan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi Manamadagi o‘yinda Bahrayn ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Izoh (0)