17-avgust kuni “Garri Potter va afsungarlar toshi” romani ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, Termizda nashrdan chiqqani haqida xabar bergan edik.
“Daryo”ning Facebook’dagi sahifasida ushbu xabar e’lon qilingach, izohlarda mushtariylar Garri Potter haqidagi asarlar tarjimon Shokir Dolimov tomonidan tarjima qilinganini ma’lum qildi. Shokir Dolimov esa biz xabar bergan tarjima muallifi Jo‘raali Solijonov o‘zlaridan oq fotiha olib ketganini ma’lum qildilar.
Biz ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida tarjimonga murojaat qilib, bu yuzasidan qisqacha ma’lumot berishni so‘radik. Bunga javoban, Shokir Dolimov Garri Potter haqidagi asarlarning o‘zlari tomonidan qilingan tarjimalari to‘g‘risida maqola tayyorlab berdilar. E’tiboringizga ushbu maqolani o‘zgarishlarsiz havola etamiz.
“Garri Potter” asarini tarjima qilish fikri, tarjima jarayoni va bu haqda kitobxonlarning xabardor qilib borilishi haqida
Sehrgar bola Garri Potter haqidagi yetti qismli asar asosida suratga olingan 8 seriyali yangi film oilamizga, ayniqsa, o‘sha yili endigina 3-sinfda o‘qiyotgan kenja o‘g‘lim Shohjaxonga juda manzur tushgan edi. O‘ziga chiroyligina sehrli tayoqcha yasab olgan Shohjaxon akasi Boburjondan film yozilgan diskni qayerdan bo‘lmasin, topib kelishni qat’iy “iltimos” qilib yurdi.Nihoyat topildi o‘sha disk. “Garri Potter”ning 1-seriyasini ko‘rib o‘tirar ekanmiz, katta o‘g‘lim Boburjon asarning rus tiliga qilingan tarjimasini o‘qigani, mazkur film chala, ayrim joylari esa mutlaqo noto‘g‘ri suratga olinganini ma’lum qilib qoldi.
Filmning ashaddiy muxlisi, “potteroman” bo‘lib qolgan Shohjaxon akasidan o‘sha kitobni uning oldida qaytadan o‘qib, bobma-bob tarjima qilib berishni so‘radi. So‘rashga so‘radi-yu... menga, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida harbiy xizmat o‘tab, mudofaa va xavfsizlik sohasiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar matnini davlat tiliga o‘giradigan, faoliyati xalqaro, milliy va harbiy xavfsizlik, zamonaviy urush va harbiy harakatlar, qurolli kurash vositalari va shu kabi boshqa bir qator masalalarga doir matnlarni tahrir qilish bilan bog‘liq bo‘lgan otasiga o‘tinch va iltimosga to‘lib-toshgan nigoh-la qarashdi.
Ustasiga farqi yo‘q. O‘sha shanba va yakshanbani farzandlarim iltimosining ijrosiga sarf etdim. Dastlabki boblar tarjimasini eshitgan bola nihoyatda zavqlandi. Tabiiyki, ertasiga u, boshqa “potteroman”larga, ya’ni o‘z hamfikr-sinfdoshlariga asar borasidagi batafsil bilimi bilan maqtandi. Sinfdoshlari esa undan tarjima matnini printer vositasida qog‘ozga bosib kelishni iltimos qilishdi.
Bolaning ushbu iltimosini bajarar ekanman, yurtimiz yoshlari xorijlik zamondoshlaridan ortda qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini o‘ylab, bir xulosaga, u ham bo‘lsa, modomiki asar shunchalik ommalashgan, qiziqarli kitob ekan, uni o‘zbek yoshlariga tarjima qilib berish kerak, degan xulosaga keldim.
Shunday qilib, 2009-yildan boshlab harbiy xizmat majburiyatlari ijrosidan bo‘sh vaqtimda farzandlarimiz, yurtimiz yoshlari uchun foydadan xoli bo‘lmagan ish bilan shug‘ullanishga ahd qildim va Buyuk Britaniyalik bolalar yozuvchisi Joanna Ketlin Rouling qalamiga mansub bo‘lib, rossiyalik tarjimon Mariya Viktorovna Spivak tomonidan rus tiliga o‘girilgan “Garri Potter” asarini tarjima qilishga kirishdim.
Tarjima jarayonida jonajon ona tilimizning cheksiz boyligidan unumli, samarali foydalanish, yosh kitobxonning go‘zal tilimizga bo‘lgan e’tibori, hurmati va muhabbatini qo‘llab-quvvatlashga qo‘ldan kelgancha urindim. Ish davomida yoshlarimiz uchun notanish bo‘lgan terminlar, shuningdek, fut, dyuym kabi o‘lchov birliklari, Yevropa xalqlari taomlarining nomlari va shu kabilarga qisqa ma’lumotnoma mazmunidagi izoh va tushuntirishlar berib bordim.
Mazkur asarni o‘qigan bola ishonchim komilki, murakkab hayotning juda ko‘p jihatlari, yaxshi-yomonligi, oq-u, qorasi, yovuzlik va bag‘ri toshlik bilan ezgulik va mehr-shafqat o‘rtasidagi mangu kurashdan oz bo‘lsa-da xabardor bo‘ladi, ko‘plab qiziqarli ma’lumotlardan boxabar bo‘lib, bilimi yanada oshadi.
Ta’kidlab o‘tishim joizki, Shohjaxon bilan akasi Boburjon tarjimam muharrirlari bo‘lib ishlashdi. Har bir bob ustidagi ish nihoyasiga yetgach, tarjima matnini ularga o‘qib bordim. Dono o‘g‘lim Shohjaxonning fikricha, asar qahramonlarining ismlari filmdagi ismlaridan farq qilib qolmasligi shart ekan.
Misol uchun, M. Spivak tarjimasida asar qahramonlardan birining ismi Ogrid bo‘lsa, filmda Xagrid, odamlarning tegishli toifasi kitobda “mugl” deyilgan bo‘lsa, filmda “magl” deyilgan va h. k. Iloj qancha, itoat qilishga to‘g‘ri keldi. Zero, mehnatim mahsuli ayni shu bola va uning tengqur yurtdoshlari, boshqa davlatlarda yashayotgan o‘zbekzabon zamondoshlariga bag‘ishlangan.
Savol tug‘ildi: xo‘p, asarni tarjima qildim deylik, tarjima matnini kitobxonga qanday yetkazaman?
O‘sha yillari “Orzu armonga aylanmasin” deb nomlangan sayt bo‘lar edi. Asarni tarjima qilayotganimdan xabar topgan sayt ma’muri men bilan bog‘lanib, tarjima matnini kitobxonlarga bobma-bob ko‘rsatib borish taklifini kiritdi.
2010-yilning iyul oyida “Garri Potter” asarining I qismi, ya’ni “Garri Potter va Falsafiy tosh” tarjimasini nihoyasiga yetkazdim va bu haqda qo‘shimcha ravishda “uForum.uz”da 18-iyul kuni e’lon berdim. Forumdoshlardan tarjima matni borasida fikr-mulohazalar bildirib borishlarini iltimos qildim.
Kitobxonlar o‘z ko‘ziga ishonmay, “Orzu armonga aylanmasin” saytida navbatdagi boblar, boblar ketidan keyingi qismlarni yana va yana so‘rayverishdi, elektron pochtam muxlislardan kelgan iltimoslar, ba’zan talablarga to‘lib ketdi. Ularning aksariyati, modomiki, ushbu ishga qo‘l uribman, oxirigacha yetkazishimni iltimos qilishdi.
2011-yilning yanvar oyida “Garri Potter” asarining II qismi, ya’ni “Garri Potter va Maxfiy xona” tarjimasini nihoyasiga yetkazib, kitobxonlar e’tiboriga “Orzu armonga aylanmasin” saytida havola etdim va bu haqda yana “uForum.uz”da e’lon berdim.
2011-yilning may oyida “Garri Potter” asarining III qismi, ya’ni “Garri Potter va Azkaban mahbusi”ni tarjima qilish ishlarini nihoyasiga yetkazib, kitobxonlar e’tiboriga havola etdim.
2011-yilning avgust oyida “Garri Potter” asarining IV qismi, ya’ni “Garri Potter va Otashli jom” tarjimasini nihoyasiga yetkazdim.
Biroq tarjimalarim kitobxonlar e’tiboriga havola etib borilgan “Orzu armonga aylanmasin” saytining yuritilishi, unga yangi boblar kiritilishi o‘sha yilning avgust oyidan buyon negadir to‘xtatilgan edi. Tegishli savollar bilan murojaat qilgan xatlarim ham javobsiz qoldi.
Shu bois, oddiygina blog yaratdim-da, unga asar tarjimasining kitobxonlar e’tiboriga muqaddam havola etilgan uchta qismi, xususan “Garri Potter va Falsafiy tosh”, “Garri Potter va Maxfiy xona”, “Garri Potter va Azkaban mahbusi” va to‘rtinchi qismi: “Garri Potter va Otashli jom”ni joyladim va bu haqda “uForum.uz” hamda feysbukdagi sahifamda e’lon berdim.
2012-yil dekabr oyida “Garri Potter” asarining V qismi, ya’ni “Garri Potter va Qaqnus ordeni”ni tarjima qilish ishlarini nihoyasiga yetkazib, kitobxonlar e’tiboriga havola etdim va odatdagidek, bu haqda yana “uForum.uz” va feysbukdagi sahifamda e’lon berdim.
2013-yili asarning tarjima qilingan barcha qismlari o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan elektron kutubxonaga kirill va lotin imlolarida kiritildi. Lekin o‘sha elektron kutubxona menga noma’lum sabablar tufayli ishlamay qo‘ydi.
2015-yil avgut oyida “Garri Potter” asarining VI qismi, ya’ni “Garri Potter va chala zot Shahzoda”ni tarjima qilish ishlarini nihoyasiga yetkazib, blog sahifalari orqali kitobxonlar e’tiboriga havola etdim va bu haqda yana “uForum.uz” va feysbukdagi sahifamda e’lon berdim.
Ta’kidlab o‘tmoq joizki, 2008-yili bo‘lsa kerak, ushbu asarning birinchi qismi birinchi va ikkinchi boblarini bir talaba qiz tarjima qilishga uringan, lekin negadir ishni oxirigacha yetkazmagan. “Chashka” “Funjon” deb tarjima qilinishini ilk bor uning matnida uchratgan edim.
2014-yili esa surxondaryolik talaba do‘stimiz Jo‘raali Solijonov “Garri Potter” asari tarjima qilinganidan bexabar qolgan tarzda, uning birinchi qismi, ya’ni jami 17 bobdan iborat “Garri Potter va Falsafiy tosh”ning dastlabki 9 ta bobini ingliz tilidan o‘zbek tiliga ilmiy ish sifatida tarjima qilgan. Asar tarjima qilinganidan xabar topgach, Toshkentga kelib, men bilan uchrashdi va mendan tegishli yo‘l-yo‘riqlar olib ketdi.
Ha, aytganday, o‘g‘lim Shohjaxon bugungi kunda 8-sinfga o‘tgan bo‘lsa, akasi Boburjon Qurolli Kuchlar safida o‘z yigitlik burchini o‘tab qaytgach, Toshkent Moliya institutida tahsil ko‘rmoqda.
Shokir Zokirovich Dolimov
2015-yil 18-avgust
Izoh (0)