2015-yil 6-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi ochildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlarning, fuqarolik jamiyati institutlarining, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo‘ldi.
Majlisni Oliy Majlis Senatining raisi N. Yo‘ldoshev ochdi va boshqardi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni Oliy Majlis Senati yalpi majlisida senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgan alohida muhim masala bo‘ldi.
Qonun bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, biznes yuritish tartibi, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlardan tortib to ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, shuningdek, javobgarlikni erkinlashtirishga qadar tadbirkorlik subyektlari faoliyatining deyarli barcha jihatlariga daxl qiladigan 40 dan ortiq qonun hujjatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Qonun tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va noqonuniy aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini ancha kuchaytiradi. Jumladan, senatorlarning fikricha, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash tarzida birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar jinoyat aniqlangandan keyin o‘ttiz kun ichida davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan bo‘lsa, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalarni to‘lagan bo‘lsa, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilmasligini nazarda tutuvchi norma o‘ta muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, qonunda noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganlik va savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy jazo tayinlanmasligi, buning o‘rniga ma’muriy yurisdiksiya qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda, bundan yirik jinoyatlar mustasno.
Senatorlarning fikricha, qonunda nazarda tutilganidek xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qiladigan barcha huquqbuzarliklar uchun, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi moddalarning Jinoyat kodeksining va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning alohida, mustaqil boblariga birlashtirilishi xususiy mulkni himoya qilishning kafolatlanishini kuchaytirishga, mansabdor shaxslarning ushbu sohadagi javobgarligini oshirishga ko‘maklashadi.
Ta’kidlanganidek, mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklarining faoliyatini to‘rt yilda ko‘pi bilan bir marta, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini uch yilda ko‘pi bilan bir marta tekshirish mumkinligi haqidagi tartibning belgilab qo‘yilishi tadbirkorlarni ularning xo‘jalik faoliyatiga asossiz aralashishdan himoya qilishga, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga ko‘maklashadi.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan norma davlat rahbarining farmonida belgilab berilgan vazifalarning yana bir timsoli bo‘ldi. Ushbu norma qonun hujjatlarida tadbirkorlik subyektlari uchun nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish tartibini takomillashtirishga qaratilgan. Qabul qilinayotgan qonunga muvofiq Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida Imtiyozlar va preferensiyalarning yagona reyestri yaratilmoqda. Bu tadbirkorlarga sohadagi o‘zgarish va imtiyozlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lish imkonini beradi.
Muhokama chog‘ida qayd etildiki, ma’muriy yoki jinoiy ish bo‘yicha tadbirkorlarning qayd etilmagan tovarlari davlat daromadiga aylantirilgan taqdirda Soliq kodeksida ko‘rsatilgan moliyaviy sanksiyalarning tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanmasligini nazarda tutuvchi norma ular mulkiy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishiga, tadbirkorlik, kichik biznesning jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratilishiga ko‘maklashadi. Taklif etilayotgan norma tadbirkorlar moliyaviy holatining haddan tashqari yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.
Majlisda qayd etildiki, ana shu va boshqa yangiliklarning qonunlar darajasida mustahkamlab qo‘yilishi xususiy mulkni himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga, tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun huquqni muhofaza qilish, nazorat va boshqa davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligi muqarrarligini ta’minlashga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar tomonidan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi.
Muhokama chog‘ida senatorlar ta’kidlaganlaridek, ushbu qonunning qabul qilinishi fond bozori tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari o‘rtasida kapitalning erkin o‘tkazilishini ta’minlash kabi vazifalarning samaraliroq bajarilishiga, investorlar, tadbirkorlar va aholining keng qatlamlariga kapital bozoridan erkin foydalanish imkoniyatini berishga, fond mablag‘larini samarali boshqarishga, fuqarolarning omonatlarini shakllantirish va ularni ko‘paytirishning muqobil imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturini ijro etish maqsadida tayyorlangan “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi (yangi tahrirda) O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.
So‘ngra senatorlar “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturini ro‘yobga chiqarish doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlamentning quyi palatasiga kiritilgan “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi.
Senatorlar mazkur qonunning qabul qilinishi ushbu sohada ta’sirchan sanitariya-gigiyenik va epidemiyaga qarshi tadbirlar uyushtirilishi va o‘tkazilishi, jamoatchilik nazoratining kuchaytirilishi uchun ijro etuvchi hokimiyat organlari va nazorat xizmatlarining javobgarligini oshirishga ko‘maklashadi, deb qat’iy ishonch bildirdi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.
Ushbu qonunni ko‘rib chiqish jarayonida senatorlar jinoyat qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning o‘ta muhimligini qayd etdi. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar, shu jumladan, ozodlikni cheklash deb nomlangan yangi jazo chorasining joriy etilishi jinoiy jazolar tizimini yanada takomillashtirishga, erkinlashtirishga va insonparvarlik ruhi bilan yo‘g‘irishga qaratilgan.
Senatorlar, shuningdek, amaldagi qonun hujjatlariga kiritilishi ushbu qonunda nazarda tutilgan, qabul qilingan qonunlarni, Prezidentning qarorlarini ro‘yobga chiqarish doirasida tayyorlangan hamda davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatida qonuniylikni, shuningdek, xavfsizlik va huquq-tartibotni ta’minlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator boshqa o‘zgartish va qo‘shimchalarni, shu jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “Prokuratura to‘g‘risida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartishlarni ham ko‘rib chiqdi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati uchinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
Izoh (0)