Dushanbedan 45 kilometr sharqda, Pomir tog‘ yon-bag‘irlarida joylashgan harbiy poligonda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi va Xitoy jamoat xavfsizligi vazirligi elit bo‘linmalari ishtirokida harbiylashtirilgan mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Harbiylashtirilgan mashg‘ulotlarda har ikki tomondan 250ga yaqin jangchilar, shuningdek, zirhli texnik ishtirok etadi”, - deydi Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda. Ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur o‘quv mashqlari Afg‘onistondan Tojikistonga bo‘lishi mumkin bo‘lgan tahdidlar oldini olish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Rahimzodaning ma’lum qilishicha, xitoylik hamkasblar Tojikiston huquqni muhofaza qilish organlariga sezilarli moddiy-texnik ko‘mak ko‘rsatmoqda, xususan, Xitoy tomoni Tojikiston militsiya bo‘linmalari uchun maxsus liboslar yetkazib berdi.
Ma’lumot uchun, asosan 4000 metrdan yuqori balandlikda, murakkab tog‘ sharoitlardan o‘tuvchi Tojikiston va Xitoy o‘rtasidagi davlat chegarasi 500 kilometrga teng bo‘lib, 2004-yilgacha uni Rossiya chegarachilari qo‘riqlab kelgan.