AQSh Kanaveral burnidan to‘rtinchi marta Х-37В maxfiy kosmik kemasini uchiradi
AQShning Florida shtatidagi Kanaveral burnida joylashgan kosmodromdan 20-may kuni Atlas V tashuvchi raketasi ko‘p marta foydalanish uchun mo‘ljallangan Х-37В harbiy kosmik kemasini koinotga olib chiqishi kutilmoqda, deb xabar berdi “TASS”.
Bu Х-37В maxfiy “kosmik samolyoti”ning to‘rtinchi parvozi hisoblanadi. Kosmik kemani uchirish uchun mas’ul bo‘lgan United Launch Alliance kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qurilma Space Shuttle kemalari singari orbitaga chiqib, keyin qayta qo‘nishga mo‘ljallangan.
Kema uzunligi 8,83 metr, ya’ni Space Shuttle’dan to‘rt marta kichik. Uning eng uzoq parvozi 675 sutkani tashkil etgan. Loyiha NASA boshchiligida 1999-yilda boshlangan bo‘lib, dastlab orbitadagi kemalarni ta’mirlashga mo‘ljallangan, biroq 2004-yildan maxfiylashtirilgan. Orbitaga ilk marta 2010-yil aprelida chiqqan.