Alisher Uzoqov “Kelajakda bizdan qaysi rejissyor o‘z filmi bilan ‘Oskar’ga nomzod bo‘la oladi” degan savolga “Men, albatta” deb javob berdi. Bu haqda “Darakchi” gazetasi xabar bermoqda.
“‘Oskar’ga atalgan g‘oyalar hali faqat miyamda charx uryapti, xolos. Uni esa amalga oshirish kerak. Nasib qilsa, albatta, o‘zbek kinosi ham ‘Oskar’ oladi, – dedi ijodkor. – Agar yaxshi kino chiqarsak, bu mukofotni olishimizga ishonchim komil.
Ijodkorning ijodini hech narsa to‘xtata olmaydi. Ijod yurakdan vulqon kabi otilib chiqaveradigan narsa. Ijodkordan hamma narsasini olib qo‘ysangiz ham, o‘sha yuragidan otilib chiqayotgan narsani olib qo‘yolmaysiz. Haqiqiy ijodkorning ijodi esa yuragi to‘xtaganda to‘xtaydi, xolos. Qanday cheklovlar qo‘yilishi, qanday nohaqliklar bo‘lishidan qat’iy nazar u ijodi bilan o‘sha to‘siqlarni yorib chiqaveradi. Demoqchi bo‘lganim yaxshi ijodkorning arzigulik ishi ham nazardan chetda qolmay, ‘Oskar’gacha yetib boraveradi. ‘Oskar’ni olaman, deyishim, balki kulgili tuyular, lekin asosiysi niyat bor.
Albatta filmning byudjeti ham shunga mos bo‘lishi kerak. Har holda bizda 50-60 million so‘mga olinayotgan filmlar ‘Oskar’ga yaqin bora olmasligi aniq. Buncha sarf-xarajat bilan xalqaro mukofotlar darajasiga chiqaman, desangiz, salkam daho bo‘lishingiz kerak. Xohlaysizmi, yo‘qmi kinoning rivoji uchun katta mablag‘ kerak. O‘zbek kinosida arzon filmlar shundoq ham qalashib yotibdi. Rejissyorlarning asosiy maqsadi kamroq pul sarflab, xalq tanigan aktyorlarni arzonga, iloji bo‘lsa, tekinga o‘ynatib, kino ‘yasash’, shuning ortidan daromad topish. Kinoni rivojlantiray, o‘zbek kinosi ham jahonga chiqsin, deydiganlar kam”.
Izoh (0)