Moliya vazirligi va Markaziy bankning 2015–2017-yillarda davlat-tijorat Xalq bankining ustav kapitalini 185 milliard so‘mga oshirish va uning umumiy hajmini 385 milliard so‘mga yetkazish to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston rahbarining shu yil 25-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat-tijorat Xalq bankining kapitallashtirish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy saytida xabar berildi.
Mazkur hujjat Xalq bankining kapitallashish darajasini yanada oshirish, umumqabul qilingan xalqaro norma va standartlarga moslashtirish hamda aholi omonatlarining ishonchli va kafolatli himoyasini ta'minlash maqsadida qabul qilindi.
Bank aksiyalari amaldagi aksiyadorlarning ulushiga mutanosib ravishda – Moliya vazirligi (51 foiz) va Markaziy bank (49 foiz) o‘rtasida taqsimlanadi.
Bankning o‘z foydasini kapitallashtirish, taqdim etiladigan soliq imtiyozlari, bo‘sh qoladigan mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish orqali Moliya vazirligining ulushini shakllantirish, qisman davlat byudjeti, shuningdek, Markaziy bank foydasining respublika byudjetiga yo‘naltiriladigan bir qismi va o‘z mablag‘lari Xalq banki ustav kapitalini qo‘shimcha shakllantirish manbalari sifatida belgilandi.
Bank kapitalini oshirish bank faoliyatida iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari, kichik tadbirkorlik subyektlari va aholini kreditlash ko‘lamini kengaytirishga sharoit yaratadi.
Xalq banki ko‘pshaxobchali yirik banklardan sanaladi va respublikaning har bir tumanida o‘z filiallariga ega. Shu yilning 31-mart holatiga ko‘ra, kredit tashkilotining chekka va borish qiyin bo‘lgan manzillarda 32 ta minibanki va 1332 ta qo‘shimcha muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hozirgi vaqtda bank aktivlari 3063 milliard so‘m, depozit bazasi 2428 milliard so‘m, kredit portfeli 1652 milliard so‘mni tashkil etadi.
Izoh (0)