Samarqandning “Dinamo” klubi bosh murabbiyi Tachmurad Agamurodov O‘zbekiston chempionatining saviyasi borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning fikricha, chempionat doirasidagi o‘yinlar halol tarzda o‘tsa, bu saviyaning oshishiga va futbolchilarning o‘sishiga sabab bo‘ladi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
“O‘zbek futbolida salbiy holatlarning ham yuz berganligi sir emas. Lekin joriy mavsum elita klublarning barcha murabbiylari halol o‘yin namoyish etish xususida kelishuvga erishib, bu haqdagi hujjatga imzo chekdi. Shuning o‘zi, ko‘p narsadan dalolat beradi.
Oliy liga saviyasi oshsa, murosasiz kurashlarga boy o‘yinlar soni ko‘payadi. Bundan birinchi navbatda, biz – mutaxassislar manfaatdormiz. Chunki uchrashuvlar halol tarzda o‘tsa, milliy chempionat saviyasi, futbolchilarning mahorati oshadi. Natijada terma jamoalarning ham ijobiy faoliyati uchun zamin hozirlanadi.
Terma jamoalarning natijalari ichki chempionat saviyasi bilan bog‘liqligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Chunki O‘zbekiston milliy jamoasining asosiy futbolchilari oliy liga klublarida to‘p suradi. To‘g‘ri, terma jamoada xorijda o‘ynaydigan legionerlar ham bor. Lekin ular ozchilikni tashkil etadi”, – deya murabbiyning so‘zlaridan iqtibos keltiradi “Interfutbol” gazetasi.
Izoh (0)