2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining tashkilotchilari mash’alani qay tarzda Braziliya shaharlaridan olib o‘tish rejalashtirilganligini e’lon qildi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Olimpiya mash’alasi Braziliyaning barcha 26 shtatidan olib o‘tiladi va 250 katta-kichik shaharlarning aholisi ushbu bayramning bevosita shohidi bo‘ladi. “Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritganimizda o‘yinlar orqali butun davlat aholisini yanada birlashtirishni va’da bergan edik. Mash’alani butun mamlakat bo‘ylab olib o‘tishdan ko‘zlangan maqsad ham birinchi navbatda bergan va’damizning ustidan chiqish, qolaversa, millionlab yurtdoshlarimizga bayram shukuhini his etish imkoniyatini yaratishdir”, – dedi Braziliya Milliy olimpiya qo‘mitasining prezidenti Karlos Nuzman.
Mash’alani olib o‘tish baxtiga muyassar bo‘lgan jami 10 ming nafar inson uch oy davomida 20 ming kilometr yerda va 10 ming mil masofa havoda yo‘lni bosib o‘tadi. Mash’ala estafetasining yakuniy manzili o‘yinlarning ochilish marosimi o‘tkaziladigan afsonaviy “Marakana” stadioni bo‘lib, Olimpiya mash’alasi bu yerga 2016-yilning 5-avgust sanasida yetib keladi. Mash’alani olib o‘tadiganlarning nomlari joriy yilning oxirida tashkiliy qo‘mita tomonidan e’lon qilinadi.
Izoh (0)