“Al-Sadd” va “Lokomotiv” o‘rtasida kechgan ayanchli o‘yin o‘z nihoyasiga yetgach, Vadim Abramov matbuot anjumaniga tushkun kayfiyatda kirib keldi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
O‘yin haqidagi taassurotlar borasida so‘ralganda, “bunday xunuk o‘yin bo‘yicha tafsilotim yo‘q, bevosita savollarga o‘tsak bo‘ladi”, − deya javob qaytardi Abramov. “Jamoangiz bilan nima sodir bo‘ldi, uchrashuvni ancha tetik boshlagan edingiz”, − deya savol bilan yuzlandi beIN Sports muxbiri.
− O‘yin bunday tus olishini tushimda ham ko‘rmagandim. Avvallambor “Al-Sadd”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Bizning o‘yinga kelsak, yigitlarimiz xuddiki birinchi bor maydonga tushganday o‘zini yosh bolalardek tutishdi. Kerakmas joyda penalti ishlandi, shundan so‘ng o‘yin tizgini qo‘ldan ketdi. Bu vaziyatni hali chuqur o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Sharmandalarcha yutqazdik, uyalganimdan yuzim shuvud bo‘ldi. Muxlislardan bunday alamni boshlaridan kechirganlari uchun kechirim so‘rayman. O‘zimni va jamoamni oqlash uchun, hech qanday sabab yo‘q.
− Nima sababdan Mullajonovni (uchinchi raqamdagi o‘yinchini), markaziy himoyachini olib tashlab, o‘rniga yarim himoyachini tushirdingiz?
− O‘yinchi unga qo‘yilgan vazifani amalga bajarmagach, maydonni tark etishi kerak. Biroq, Rahmatullayev ham himoya chizig‘iga yordam berib, tezroq hujumga kirishish uchun qo‘yildi. Hujumkor o‘yin namoyish qilib, oldinga chiqib olishimiz kerak edi shuninig uchun bu qarorga kelgandim, ammo bu futbol, har doim ham biz o‘ylaganday bo‘lmaydi.
− Hakamlik haqida fikringiz?
− Hakamlarni baholash uchun inspektor bor, bu uning ishi. Biroq, OFK hakamlarni tanlaganida ularning professionalligiga ko‘proq e’tibor bersa yaxshi bo‘lardi. Uquvsiz va e’tiborsiz hakam butun o‘yinni sindirishi mumkin.
− Guruhdan chiqish uchun imkoniyatingizni qanday baholaysiz, hali ham umid bormi?
− Umid hamisha bor, biroq men keyingi o‘yinlar haqida emas, aynan shu o‘yin bo‘yicha javob berish uchun keldim. Nima ham derdim, omad yuz o‘girdi, o‘yinimiz o‘xshamadi. Uyat.
Matbuot anjumanini tugatib, stadiondan chiqib ketayotgan Abramovni uning kasbdoshi, Bora Milutinovich kutib oldi. Hozirgi kunda Milutinovich Iroq terma jamoasiga murabbiylik qilib, Dohada yashab kelmoqda.
Milutinovich standionga o‘yinni tomosha qilgani kelgan ekan. Vadim Abramovga dalda bo‘lar ekan, Bora “yigitlaring nimalar qilyapti o‘zi Vadim”, − deya kinoya bilan gapirdi. Ikki kasbdosh 10 daqiqa davomida iliq gaplashib, bir-birlariga omad tilab tarqalishdi.
Izoh (0)