“Paxtakor” va “Olmaliq” jamoalari o‘rtasidagi Oliy liga 1-turidan o‘rin olgan uchrashuv o‘z nihoyasiga yetdi. Unda 1:1 hisobida durang qayd etildi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
O‘yinni maydon egalari faol boshladi, deb bo‘lmaydi. Superkubok o‘yinida “Lokomotiv”dan qabul qilib olingan yirik mag‘lubiyat “Paxtakor”ga qattiq ta’sir qilgan ko‘rinadi. Bugun jamoaning o‘yini umuman o‘xshamadi. Shu bilan birga yangi mavsum arafasida tarkibni jiddiy kuchaytirgan “Olmaliq” birinchi bo‘limda juda yaxshi harakat qilib, nomdor raqibiga aslo yon bosgani yo‘q.
Ketma-ket hujumlar natijasida “Olmaliq” uchrashuvda hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Shavkat Salomovning chap qanotdan oshirib bergan uzatmasini Zohir Pirimov chiroyli tarzda darvozaga joylab qo‘ydi.
Birinchi bo‘limda boshqa gol kiritilmadi.
Ikkinchi bo‘limda “Olmaliq” jamoasi qarshi hujumga tayanib o‘ynadi. “Paxtakor” futbolchilari raqib himoya chizig‘ini yorib o‘tishda ancha qiyinchilikka duch keldi. Ammo oxir-oqibat Igor Sergeyev o‘z niyatiga yetdi. 88-daqiqada to‘p yon chiziqdan jarima maydonchasi ichiga tashlab berildi. Himoyachilarning xatosidan foydalangan Sergeyev chap oyoqda Xonimqulov darvozasini ishg‘ol qila oldi. Ammo bu o‘yindagi so‘nggi gol bo‘ldi.
Shu tariqa, uchrashuv 1:1 hisobidagi durang bilan o‘z yakuniga yetdi.
Oliy liga, 1-tur
“Paxtakor” — “Olmaliq”: 1:1
Gol: I.Sergeyev (88) - Z.Pirimov (36)
“Paxtakor”: Lobanov, Merzlyakov, Krimets, Oraxovats, Hoshimov, Ismatullayev, Maxaradze, Kozak, Andreyev, Karimov, Sergeyev.
“Olmaliq”: Xonimqulov, Sahob Jo‘rayev, Gogol, Kashkaval, Inomov, Quttiboyev, Omonov, Salomov, Pirimov, Murzoyev, Yovanovich.
Izoh (0)