25-fevral kuni Toshkent shahridagi “Muruvvat” nogiron bolalar uchun 1-son internat uyida yosh iste’dodli xonanda Shahzod Murodov o‘zining xayriya konsertini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Uz24.uz”.
Yuzga yaqin imkoniyati cheklangan bolalar hamda ularning tarbiyachilari Shahzod Murodovning kuy-qo‘shiqlaridan bahramand bo‘ldi. Ushbu xayriya konsertida xonanda hali hech qayerda e’lon qilmagan 3 ta yangi taronasini ijro etdi. “Bolalarga bering dunyoni, deyishadi, men ham shu vaqtgacha yaratgan barcha qo‘shiqlarimni, shu jumladan, endigina tandirdan uzilgan yangi qo‘shiqlarimni ham birinchi marta shu bolalar uchun atadim”, − deydi xonanda.
Shuningdek, Shahzod Murodov nega aynan Muruvvat uyida konsert berishga ahd qilganining sababini ma’lum qildi: “Yaqin do‘stim bir voqeani so‘zlab bergan edi. Unga ko‘ra, bir ayolga shifokorlar saraton kasalligining tashxisini qo‘yishgach, u qolgan umrini shu Muruvvat uyida o‘tkazishga qaror qilibdi. Qarangki, bu yerdagi bolalarga qattiq mehr qo‘yganidan-mi, shifo topib ketibdi. Shu voqeadan juda ta’sirlandim va oz bo‘lsa-da, bolalarni xursand qilishga hissa qo‘shgim keldi”.
Xayriya konsertidan olingan ta’sirli fotosuratlarni xonandaning Instagram dagi sahifasida ham ko‘rish mumkin.
Ma’lumot uchun, Shahzod Murodov hozirda O‘zbekiston davlat konservatoriyasining bitiruvchisi. Uning “O‘sha-o‘shasan” nomli ilk qo‘shig‘i va unga ishlangan klip tomoshabinlar tomonidan iliq qarshi olingan edi.
Shu yilning 2-mart kuni esa umidli xonandaning “Alam”deb nomlangan yangi qo‘shiq premerasi “O‘zbegim taronasi”, “Vodiy sadosi”, “Grand”, “Navro‘z” va “Hamroh” radiostansiyalarida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)