Hindistonda davlat muassasalaridan maxfiy ma’lumotlarning tarqalib ketishiga oid katta mojaroga aloqadorlikda mamlakatning kamida beshta eng muhim vazirliklari ham ayblanmoqda, deb xabar berdi “TASS”.
Bir necha yillar davomida Hindistonning Neft va tabiiy gaz, Atrof-muhit va o‘rmon xo‘jaligi, Ko‘mir sanoati, Energetika va Mudofaa vazirliklaridan maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlab kelgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olina boshlangan. Bu ishlarning tashkilotchisi Indianpetro energetika portalida muharrir bo‘lib ishlagan journalist Santanu Saykia bo‘lgan.
U o‘zining olti nafar sherigi bilan yopiq davlat hujjatlarini manfaatdor xususiy kompaniyalarga sotganlikda ayblanib qo‘lga olingan. Keyinroq qo‘lga olinganlar soni 15 nafarga yetgan. Maxfiy hujjatlarning nusxalarini tunda vazirliklardan olib chiqib, buyurtmachilar – yirik neft kompaniylari vakillari mo‘may naqd pul evaziga sotishgan. Bitta hujjat uchun 8 ming dollardan 320 ming dollargacha to‘langan. Jinoyatchilar o‘g‘irlangan hujjatlar uchun jami 1,63 milliard dollardan ortiq pul olgan.
Hujjatlar asosan byudjet, narxlar borasidagi hukumat strategiyasi, sud ishlari, neft sotib olish rejalari, yoqilg‘i sohasidagi subsidiyalar haqida bo‘lgan. Qayd etilishicha, o‘g‘irlangan hujjatlarni hatto Hindiston bosh vaziri ham jinoyatchilardan keyin o‘qigan. Hozirda bir nechta neft kompaniyalari rahbariyati vakillari ham bu ish yuzasidan so‘roqqa tutilmoqda.
Izoh (0)