2015-yil 13-fevral kuni Jahon banki Ijrochi direktorlari kengashi Angren−Pop temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 195 million dollarlik kredit ajratilishini ma’qulladi, deb xabar bermoqda UzDaily.
Mablag‘ Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki resurslari hisobidan taqdim etiladi. Kredit 5 yillik imtiyozli davr bilan 25 yilga taqdim etildi. Bank ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha O‘zbekistonning butun hududi bo‘ylab yagona temir yo‘l tizimi tashkil etilishini yakunlab, yana 7,6 million kishi temir yo‘l tarmog‘idan foydalana boshlashini ta’minlaydi, shuningdek, kichik biznes subyektlarining foydasi oshishiga yordam beradi.
Umumiy qiymati 1,633 milliard dollar bo‘lgan loyihaning 1,089 milliard dollarlik qismi “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATKning o‘z mablag‘lari evaziga moliyalashtirilmoqda. Xitoyning Eksimbanki 350 million dollarlik, Jahon banki 195 million dollarlik kredit taqdim etgan. Jahon banki kreditining 154 million dollari temir yo‘lni elektrlashtirish, signalizatsiya va kuzatuv kameralarini o‘rnatish uchun sarflanadi. Yana 35 million dollar temir yo‘l uchun elektr energiyasi yetkazib berishni ta’minlashga mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, Angren−Pop temir yo‘li qurilishi 2016-yil aprelida tugatilishi rejalashtirilayotgan bo‘lib, 2016-yil iyulda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Izoh (0)