Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasi rasmiy saytida ma’lum qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 19-fevraldagi PQ-2133-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2014-yil 18-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilgan edi. Qonun loyihasiga Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi mas’ul etib belgilandi.
Qonun loyihasining asosiy maqsadi aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘lom va yetuk avlodni tarbiyalash maqsadida yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish, sotish va iste’mol qilish sohalaridagi munosabatlarni tartibga solishni yanada kuchaytirishdan iborat.
Shu munosabat bilan “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11 va 15-moddalariga o‘zgartish kiritish yuzasidan qonun loyihasi tayyorlangan.
Ushbu o‘zgartishlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga faqat yodlangan osh tuzini olib kirish, uni ishlab chiqarish, sotish va iste’mol qilish sohasida samarali huquqiy va tashkiliy asoslarni yaratishga hamda aholini faqatgina yodlangan osh tuzi bilan ta’minlashga qaratilgan.
Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilib, Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiya fraksiyalari hamda Ekoharakat deputatlar guruhidan qonun loyihasini Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish uchun qabul qilish mumkinligi to‘g‘risidagi xulosalari olindi hamda Qonunchilik palatasi yalpi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Izoh (0)