2015-yilning 13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Braziliya Federativ Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) Antonio Joze Vallim Gerreyroni qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida xabar berildi.
Elchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga yo‘llangan ishonch yorliqlarini topshirdi.
Suhbat davomida hamkorlikning hozirgi holati ko‘rib chiqildi va Prezident Islom Karimovning 2009-yil may oyidagi Braziliyaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni yuksaltirish uchun ikki mamlakat ulkan salohiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida tomonlar tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi O‘zbekiston-Braziliya muntazam maslahatlashuvlari, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma forumlar o‘tkazishga muhim ahamiyat qaratishi qayd qilindi.
Shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning dolzarb jihatlari va ayrim mintaqaviy muammolar muhokama qilindi.
Izoh (0)